BIZ SIZNI KUTAMIZ!

27.05.2019

           Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil bo‘lganiga qisqa muddat bo‘lishiga qaramasdan, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bilan birgalikda jamiyatda aholi o‘rtasida ona tili va adabiyoti, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yozma nutq savodxonligini oshirish, ona tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, imlo va alifbo masalalari sohasida ham keng qamrovli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shunday ishlardan biri universitet tashabbusi bilan  aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida o‘zbek tili va adabiyotiga nisbatan hurmat hissini kuchaytirish, savodxonlikni barcha uchun umumiy normaga aylantirish, shuningdek, yoshlarning til madaniyati masalalarida ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida tashkil qilinayotgan diktant.uz ijtimoiy aksiyasidir.

          O‘zbek tilida o‘qish va yozishni biluvchilar, yoshi, kasbi va ma’lumotidan qat’i nazar,  barcha aholining savodxonlik aksiyalarida ishtirok etishlari ona tiliga hurmat va vatanparvarlik ruhini kuchaytiradi. Vaqtingizni ayamasdan saytimizda ko‘rsatilgan manzillar bo‘yicha diktant.uz ommaviy diktant aksiyasiga tashrif buyuring! Til madaniyati va savodxonlikni o‘z ko‘rkingizga aylantirish maqsadida aksiyada ishtirok etayotganligingiz, shu kichik xizmatingiz orqali ona tilimiz va adabiyotimiz rivojida katta hissa qo‘shayotganligingiz uchun tashakkur bildiramiz! Ona tili millatni birlashtiruvchi eng katta kuchdir! Yuksak savodxonlik bilan kelajak sari birgalikda qadam tashlaylik, aziz vatandoshlar!